Odamlar sholg‘omdan nafaqat qimmatli oziq-ovqat, balki qadimdan xalq tabobatida shifobaxsh dorivor sifatida ham foydalanib kelinadi.
Uning tarkibida 9 foizgacha shakar, 0,2% xantal moyi mavjud bo‘lib, u sholg‘omga o‘ziga hos hid va yaxshi ta’m beradi. Sholg‘om mevasi miqdorda C vitamini boshqa ildizmevalarga nisbatan ikki baravar ko‘p, V guruhidagi vitaminlar mavjud. Sariq sholg‘om tarkibida yuqori konsentratsiyada provitamin A saqlanadi. Organizm uchun zarur bo‘lgan mikroelementlardan mis, temir, marganes, rux, yod va boshqalar aniqlangan. Oltingugurt miqdori jihatidan, bu boshqa sabzavotlar orasida birinchi o‘rinni egallaydi.
Sholg‘om avgust oyida ekiladi. Ekishdan oldin yerni albatta yaxshilab sug‘orish talab etiladi, yer yetilgandan so‘ng tuproq namligi ko‘tarilib ketmasdan haydash, so‘ngra ketma-ket borona bilan 10-12 sm chuqurlikda yumshatib, keyin 70 sm yoki 90 sm oraliqda egatlar olinib ekishga tayyorlanadi. Sholg‘om markaziy hududlarda 1-15 avgustda, shimoliy hududlarda 25-iyul 10-avgust va janubiy hududlarda 20-avgust – 20-sentabrda sepiladi. Ushbu ildizmeva ekinlar suvga juda talabchan bo‘lganligi sabab boshqa sabzavotlarga qaraganda tez-tez sug‘orib turishni talab etadi.
Urug‘lar 70 va 90 sm kenglikdagi egatlarga maxsus SON-2,8 seyalkada yoki qo‘l kuchi yordamida ekiladi. Ikki qator qilib ekishda seyalkaning soshniklari juft-juft qilib o‘rnatiladi. Har juftdagi soshnik orasi 20 sm qilinadi. Seyalkaga okuchniklar tirkalib egat ham olinadi. Har sholg‘om urug‘i 2-3 kg sarf bo‘ladi va 1,5 sm chuqurlikda ekiladi.
Urug‘lar yerdan to‘la unib chiqqandan so‘ng tezda o‘tash va yaganalash kerak. Birinchi yagana urug‘ yerdan unib chiqishi bilan, ikkinchisi 2-3 barg chiqarganda o‘tkaziladi. Bunda tup orasi 10-12 sm kenglikda qoldiriladi. Bundan so‘nggi parvarish ekinlarni vaqtida sug‘orish, qator oralarini kultivatsiya qilish, egat bag‘rini yumshatish va zararli hasharotlarga qarshi kurashdan iborat.
O‘g‘itlashda buz tuproq yerlarda sof holda 125 kg azot, 95 kg fosfor, 60 kg kaliy solish kerak. Fosfor o‘g‘itini yillik miqdorini 75%, kaliyni hammasi yerlarni asosiy ishlov davrida, qolgan 25% fosforni yerni boronalab egat olishda berish tavsiya etiladi. Azotli o‘g‘itlarni hammasi vegetatsiya davrida oziqlantirishda ikkiga bo‘lib beriladi. Birinchi oziqlantirish o‘toq qilib o‘simlik soni siyraklashtirilgandan so‘ng, ikkinchisi esa 2-3 tadan chin barg paydo bo‘lganda o‘tkaziladi. Yaxshi parvarish qilinganda sholg‘omdan gektariga o‘rtacha 35-40 tonna hosil olish mumkin.
Milliy markaz tizimidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida “Muyassar”, “Samarqand mahalliysi”, “Namangan mahalliysi”, “Gulshod” navlari yaratilgan.