Umumiy ma'lumotlar

MARKAZNING TARKIBI VA FUNKTSIYALARI


     Markaz tarkibiga Qoraqalpog‘iston respublika va viloyat bo‘limlari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, kutubxona va boshqa ilmiy hamda ilmiy-yordamchi bo‘linmalar kiradi.

Markaz, uning Qoraqalpog‘iston respublika va viloyatlar bo‘limlari, mustaqil ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab yuridik shaxs hisoblanadi.

    Qoraqalpog‘iston respublika va viloyatlar bo‘limlari to‘g‘risidagi nizomlar Markaz hay‘ati tomonidan tasdiqlanadi. Qoraqalpog‘iston respublika va viloyatlar bo‘limlari ixtiyoriga berilgan ilmiy-tadqiqot muassasalarining filiallari va tajriba xo‘jaliklari o‘z ishlab chiqarish va moliyaviy mustaqilliklarini saqlab qoladilar, bo‘limlar oldida ilmiy-metodik jihatdan hisob beradilar.

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibiga kiradi.

Markaz qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot institutlari,  ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari hamda boshqa ilmiy va ilmiy-yordamchi tashkilotlarning birlashmasi hisoblanadi.

   Markaz ularning idoraviy mansubligidan qat‘i nazar, respublika ilmiy muassasalari va oliy o‘quv yurtlari tomonidan agrosanoat kompleksi sohasida o‘tkaziladigan ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirib boruvchi organ vazifasini bajaradi.

Markaz o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda boshqa vazirliklar va idoralar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda olib boradi.

   Markaz o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining buyruqlari va qarorlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa normativ hujjatlarga amal qiladi.

Markaz yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z nomi yozilgan muhrga va shtampga, xos blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi banklarida hisob raqamlariga ega bo‘ladi.

MARKAZNING ASOSIY VAZIFALARI

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:

   Vatanimiz va jahon ilm-fani va amaliyotining eng yaxshi yutuqlaridan to‘laroq foydalanishni hisobga olgan holda respublika agrosanoat kompleksining eng muhim muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish. Ularning natijalarini qishloq xo‘jaligi samaradorligini yanada oshirish maqsadida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga joriy etish;

   sug‘oriladigan, lalmi yerlarning va o‘rmon yerlarining, tog‘li, cho‘l hududlari va yaylovlarning unumdorligini hamda ulardan foydalanish samaradorligini oshirish ilmiy-uslubiy asoslarini ishlab chiqish. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘stirish, hosilini saqlash va qayta ishlashning, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishning samarali texnologiyalarini asoslash va joriy etish;

g‘o‘za, g‘alla va boshqa ekinlar selektsiyasi va urug‘chiligi sohasidagi tadqiqotlarni kengaytirish, selektsiya yutuqlarini sinab ko‘rish va muhofaza qilish;

chorvachilik va naslchilik ishlarining ilmiy muammolarini, veterinariya, veterinariya sanitariyasi va akarologiyaning nazariy asoslarini ishlab chiqish, davolash-profilaktika tadbirlarining ilmiy asoslangan tizimlarini yaratish;

o‘simliklarni himoya qilishning biologik va uyg‘unlashtirilgan usullari sohasidagi tadqiqotlarni tashkil etish, kam zaharli gerbitsidlarni, pestitsidlarni, o‘stirish ko‘makchilarini hamda atrof-muhit va ekologik jihatdan toza mahsulot olish uchun xavfsiz bo‘lgan boshqa yuqori samarali birikmalarni qidirib topish;
ilmiy tadqiqotlar sohasida shartnoma munosabatlarini tashkil etish, tugallangan ishlanmalarni qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga joriy qilish uchun ilmiy xodimlar va mutaxassislarning manfaatdorligini rag‘batlantiruvchi hamda mas‘uliyatini oshiruvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqish.

MARKAZNING FUNKSIYALARI

Ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish sohasida:
qishloq va suv xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish muammolarini ishlab chiqish, yuqori samarali, ijtimoiy yo‘naltirilgan ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantirish, tovar ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy mustaqilligini kengaytirish, xo‘jalik ichidagi munosabatlar mexanizmini takomillashtirish, qishloqda xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni tashkil qilish;
ilg‘or agrotexnologiyalarni, yuqori unum bilan ishlaydigan va mustahkam qishloq xo‘jaligi mashinalari va mexanizmlarining yangi turlarini yaratish va joriy etish;
tuproqning, ayniqsa o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan yerlarda tuproqning unumdorligini tiklash va oshirishni hisobga olgan holda almashlab ekish sxemalarini ishlab chiqishda qatnashish;
eskidan sug‘orib kelinayotgan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va rekonstruktsiya qilishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish va joriy etish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, sug‘orishning ilg‘or usullarini va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish;
qishloq xo‘jaligini tashkil etish va yuritishning jahon ilg‘or tajribasini o‘rganish va ijodiy qo‘llash, xalqaro va xorijdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, tasarrufidagi tashkilotlar ilmiy xodimlarining chet el ilmiy muassasalarida malaka oshirishini tashkil etish; 
yuqori malakali ilmiy kadrlar (fan doktorlari va nomzodlari) tayyorlash;
respublikada hamda xorijda qishloq va suv xo‘jaligi rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etishda qatnashish;
institutlar va olimlarning ilmiy asarlarini nashr etish, ilmiy bilimlarni ommalashtirish;
respublikada qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni va innovatsiya loyihalarini muvofiqlashtiradi;
o‘z muassasalari kuchi bilan agrosanoat kompleksini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlariga doir fundamental hamda amaliy tadqiqotlar loyihalari va dasturlarini ishlab chiqadi;
ilmiy-tadqiqot muassasalarini, ularning filiallarini va tasarrufidagi boshqa tashkilotlarni belgilangan tartibda tashkil qiladi, qayta tashkil etadi va tugatadi;
agrosanoat kompleksining muhim dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy, ilmiy-amaliy konferentsiyalar, yig‘ilishlar, simpoziumlar uyushtiradi;
fundamental va amaliy tadqiqotlarning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy kengashlar, jamiyatlar va boshqa birlashmalar tashkil qiladi;
respublika agrosanoat kompleksini rivojlantirishning ilmiy-texnika potentsialini rivojlantirish, ilm-fanning moddiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
Vazirlar Mahkamasining, Qishloq xo‘jaligi vazirligining topshiriqlariga, vazirliklar va idoralar so‘rovlariga binoan agrosanoat kompleksini rivojlantirishning yirik ilmiy, ilmiy-texnik, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalari va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazadi, o‘z vakolatlari doirasida manfaatdor tashkilotlar va muassasalar bilan birgalikda ularni muhokama qiladi;
ilmiy axborotlarning amaliy bankini tashkil qiladi.
Markaz har yili o‘z faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hisobot topshiradi.