QISHLOQ XO`JALIGIDA BILIM VA
INNOVATSIYALAR MILLIY MARKAZI
FUQAROLARNING  MUROJAATLARI

Fuqarolarning murojaati


Asalari naslchiligini keng yo‘lga qo‘yish, asalni qayta ishlaydigan korxonalar tashkil etish lozim

  • 29.11.2017

Asalari naslchiligini keng yo‘lga qo‘yish, asalni qayta ishlaydigan korxonalar tashkil etish lozim

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, mavsum davomida bitta asalari oilasi 25-30 kilogramm gul changi yig‘adi va 100-120 kilogramm asal yetishtiradi. 

Asalarining asali, propolisi, zahri, gulchangi, mumi, suti tabiatning insonga ko‘rsatgan saxovatidir. Tibbiyotda organizmga quvvat beruvchi tabiiy vosita sifatida ishlatiladi. Asal shamollashda, jigar kasalliklarini davolashda keng qo‘llaniladi. 

Tahlillardan ma’lum bo‘lishicha, mamlakatimizda asal ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan to‘la foydalanilmayotgani bois asalari oilalarining mahsuldorligi 20 kilogrammdan oshmayapti. Bu jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ancha past. Demak, asalarichilik sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish, asal yetishtirishning zamonaviy texnologiyalarini keng joriy etish va yuqori texnologik usullardan foydalanish masalalariga yetarli darajada e’tibor qaratilmayapti. 

Prezidentimizning 2017-yil 16-oktabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohadagi bu va boshqa muammolarni hal etish hamda rivojlanishning ustuvor vazifalarini belgilab olishda dasturilamal bo‘layotir. 

Yurtimizda faoliyat yuritayotgan asalarichilarni birlashtirish, o‘zaro tajriba almashish hamda ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi tashkil etilmoqda. Uyushmaga a’zo xo‘jaliklar chetdan olib keladigan asalarichilik sohasida qo‘llaniladigan uskunalar, asalari uyalarini tashish uchun maxsus transport vositalari, asalari kasalliklari va zararkunandalariga qarshi qo‘llaniladigan veterinariya dori vositalari, preparatlar, mumparda va mum mahsulotlari 2023-yilgacha bojxona to‘lovlaridan ozod etildi. 

– Qarorga ko‘ra, asalarichilar uchun yetarli sharoitlar yaratiladigan bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Yozil Shukurov. – Endi bu yo‘nalishda faoliyat yuritadiganlar yanada samarali mehnat qilishi, izlanishi uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Shuningdek, asalari naslchiligini keng yo‘lga qo‘yish, asalni qayta ishlaydigan hamda qadoqlaydigan kichik korxonalar tashkil etish kerak. Shunda asal yanada ko‘payadi, bozorlarimiz sifatli, toza, arzon bol bilan to‘ladi. 

Qarorda O‘zbekiston asalarichilari uyushmasining “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasiga a’zo bo‘lishi nazarda tutilgan. Uyushmani tashkil etish va uning faoliyati bilan bog‘liq barcha xarajatlar hamda “Apimondiya” federatsiyasiga a’zo bo‘lib kirish, a’zolik badali to‘lovi dastlabki uch yil davomida “Aloqabank” mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. 

– Ruminiyada joylashgan mazkur uyushma har ikki yilda kengaytirilgan sessiyasini o‘tkazadi, – deydi Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining asalarichilik laboratoriyasi mudiri To‘ra Omonov. – Unda asalarichilik bo‘yicha yangi texnologiyalar, ari kasalliklarini aniqlash va davolash borasidagi yangiliklar ma’lum qilinadi. Sohani rivojlantirishga tegishli ilmiy asoslangan usullar va yangi ishlanmalar keng muhokama qilinadi. 

Ta’kidlash joizki, yurtimizda keng tarqalgan asalari zotlari kasallikka chidamliligi, iqlim-sharoitga moslashuvchanligi, yaxshi asal berishi kabi jihatlari hisobga olinib tanlangan. Bular sirasiga «Karpat», «Kavkaz», «Ukraina», «Kavkaz tog‘» kulrang zotlari va mahalliy asalarilar kiritilgan bo‘lib, mamlakatimizning barcha hududlarida parvarish qilinmoqda. Kelgusida ularning naslini yanada yaxshilash va mahsuldorligini oshirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, asalarichilik sohasida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash maqsadida 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab Farg‘ona davlat universitetida zootexnika fakulteti tashkil etiladi. 

 

 

Manba: uza.uz