QISHLOQ XO`JALIGIDA BILIM VA
INNOVATSIYALAR MILLIY MARKAZI
FUQAROLARNING  MUROJAATLARI

Fuqarolarning murojaati


Joriy yil O‘zbekistonda 1 ming 800 gektar maydonda kavrak plantatsiyalari barpo etiladi

  • 27.01.2018

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 19-20-yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatda o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan ham tanishdi. 

Davlatimiz rahbari tomonidan 2018-yil Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilingani o‘rmon xo‘jaligi sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga keng yo‘l ochmoqda. Jumladan, shu paytgacha yaylov sifatida foydalanib kelingan toshloq, unumsiz yerlardan samarali foydalanish, pistazorlar barpo etish orqali yashil hududlarni kengaytirish, pista daraxti hosilga kirguncha qator oralariga dorivor o‘simliklar ekib, qimmatbaho xomashyo yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Surxondaryo viloyatida hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar shu jihatdan ahamiyatlidir. Viloyatning tog‘ va tog‘ oldi hududlarida foydalanilmaydigan yer maydonlari ko‘p bo‘lib, ularda har yili o‘rtacha 350 gektargacha pistazorlar barpo etilar edi. Endilikda birgina Uzun tumanidagi Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligi balansidagi yerlarda 30 ming gektarda pista plantatsiyalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. 

Loyihaga ko‘ra, joriy yilda 2,5 ming gektar pistazor tashkil etiladi. 2018-2020-yillarda pistazorlar 8 ming gektarga yetkazilib, 2 ming ish o‘rni yaratiladi. 

Pistaning ildizi yetti metr chuqurlikka ketadi, ming yil umr ko‘radi. Daraxtlar yettinchi yildan nishona ko‘rsatadi. 12-15 yoshida to‘liq hosil bera boshlaydi va jami pistazorlardan olinadigan hosil 250 tonnani tashkil etadi. Bu faqat pistaning o‘zidan yiliga 15 milliard so‘m sof foyda, degani. 

Bundan tashqari, pistazorlar hosilga kirguncha qator oralariga birinchi marotaba kavrak o‘simligini ekish loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha Rossiyaning “TK Kometa” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. 

Xo‘sh, kavrak qanday o‘simlik? Uning xususiyati nimada? 

Kavrak dorivor o‘simlik bo‘lib, xalq tabobatida bo‘g‘in, bronxial astma, sariq kasalligi, ko‘k yo‘tal, sil, diabet, qon ketishiga qarshi, tutqanoq, inson organizmidagi gelmintlarni yo‘q qilish hamda nafas qisishiga qarshi vosita sifatida foydalaniladi. Yurtimizda har yili 8 tonna kavrak xomashyosi tayyorlanmoqda. O‘simlikni madaniy holda yetishtirish mahsulot hajmini keskin ko‘paytirish imkonini beradi. 

Loyihaning umumiy qiymati 20 milliard so‘m bo‘lib, shu yil 2,5 ming gektarga, 2018-2020-yillarda 8 ming gektarga (ya’ni pistazorlar orasiga) ekish belgilangan. Kavrakdan to‘rtinchi yildan mahsulot (shira) olish mumkin. Hosilga kirgandan keyin mahsulot olish hajmi gektariga 40 tonnaga yetadi. 

1 kilogramm kavrak narxi 70 AQSh dollariga teng. Asosiy iste’molchi davlatlar Hindiston (yiliga 3 ming 200 tonna) va Xitoy (500 tonna)dir. Loyihani amalga oshirish natijasida qo‘shimcha 500 ish o‘rni yaratiladi. 

4 yildan so‘ng olinadigan yillik daromad 23 milliard so‘mni tashkil etadi. 

Mamlakatimizda yovvoyi holda o‘suvchi kavrakning qirqqa yaqin turi uchraydi. Uning 7 turi, ya’ni sumbul kavrak, tugunakli kavrak, qizilqum kavragi, Pratov kavragi, Fedchenko kavragi, Korjinskiy kavragi va o‘rinbosar kavrak O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Kavrakning Qizil kitobga kiritilmagan 3 turi sanoat ahamiyatiga ega bo‘lib, ular sassiq kavrak, ko‘histon kavragi va shair-kavrakdir. 

Sassiq kavrak Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlarining adir va cho‘l hududlarida o‘sadi. Ko‘histon kavragi Dehqonobod, Boysun, Uzun tumanlarining tog‘oldi adirlari hamda qisman Forish va Nurota tumanlaridagi tog‘oldi hududlarda uchraydi. 

Sassiq kavrak va ko‘histon kavragining shirasi antiseptik xususiyatga ega bo‘lgani bois Kichik Osiyo, Yaqin Sharq va Osiyoning boshqa ko‘plab davlatlarida oziq-ovqat ziravori sifatida, farmatsevtika sanoati, o‘simlik kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashda qo‘llaniladi. O‘simlik asosan MDH davlatlari, Hindiston, Afg‘oniston, Pokiston, qisman Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadi. 

Prezidentimiz bunday loyihalar uchun juda katta imkoniyat, eng muhimi yer borligini, o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanish orqali o‘rmon xo‘jaliklari daromadini joriy yilda 100 milliard so‘mga yetkazish, kelgusi yillarda bu ko‘rsatkichni 4-5 barobarga oshirish zarurligini ta’kidladi. Barcha o‘rmon xo‘jaligi yerlarini hisob-kitobdan o‘tkazish, ulardan kelayotgan daromad to‘liq davlat byudjetiga tushishini nazorat qilish kerakligini qayd etdi. 

Ilgari ota-bobolarimiz kovul, kavrak kabi o‘simliklarni yaxshi bilgan. Ammo zamondoshlarimizning aksariyati ulardan xabardor emas. Bu o‘simliklarni yetishtirish uchun ilm, qishloq xo‘jaligi madaniyati zarur, dedi davlatimiz rahbari. 

Tarmoqni rivojlantirish uchun 10 yilga mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqish, Kavrak o‘simligi xomashyosini yetishtirish va eksportini amalga oshirish uyushmasini tashkil etish kerakligi qayd etildi. 

Soha uchun qadrlar tayyorlash ham dolzarb. Shunga muvofiq, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlaridagi qishloq xo‘jalik kollejlarida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, kavrak plantatsiyalarini tashkil etish, uning xomashyosini qayta ishlash hajmi hamda eksportini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi. 

2018-yil mamlakatimizda 1 ming 800 gektar maydonda kavrak plantatsiyalari barpo etiladi. Kavrak o‘simligi xomashyosini eksportga yo‘naltirish o‘rmon xo‘jaligidan olinayotgan daromadlarni oshirish va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi. 

 
Hojimurod Tolipov,
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi
boshqarma boshlig‘i.
 

 

www.uza.uz