O'ZBEKISTON QISHLOQ XO'JALIGI
ILMIY-ISHLAB CHIQARISH MARKAZI
FUQAROLARNING  MUROJAATLARI

Fuqarolarning murojaati

Batafsil...

Ipakchilik: shifon, krepjorjet, krepdeshin

  • 27.11.2017

Ipakchilik: shifon, krepjorjet, krepdeshin

Poytaxtimizda «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tizimdagi korxonalarning innovatsion ishlanmalarga bo‘lgan ehtiyoji bilan olimlarni yaqindan tanishtirish va hamkorlikni kengaytirish mavzuida amaliy seminar o‘tkazdi. 

Unda ipakchilik sohasidagi islohotlarning hozirgi bosqichida ilg‘or ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish, tarmoqning raqobatbardoshligini oshirish korxonalarning iqtisodiy mustaqilligi, jahon bozoridagi va ichki bozordagi mavqeini mustahkamlashning asosiy omili ekanligi ta’kidlandi. Zero, AQSH, Germaniya, Yaponiya, Xitoy kabi rivojlangan davlatlarning ishlab chiqarish va eksport salohiyati, ayniqsa, ipakchilik sohasidagi yutuqlari aynan ilmiy izlanishlar asosida yaratilayotgan zamonaviy texnologiyalarga asoslangan. 

– Tizimdagi yirik muammolardan biri – ishlab chiqaruvchi va olimlar o‘rtasida hamkorlikning uzilib qolgani edi, – deydi uyushma raisi o‘rinbosari Olim Jumayev. – Misol uchun, zavodlarimiz ba’zi texnologiyalarni xorijdan olib keladi, olimlarimizda esa undan samaraliroq ishlanma bo‘lishi mumkin. Ishlab chiqaruvchi buni bilmaydi. Shuning uchun endilikda ta’lim dargohlari bilan hamkorlikni faollashtirib, patentlangan ilmiy yangiliklarni korxonalarga joriy etish choralari ko‘rilmoqda. 

Seminarda olimlar o‘zlari yaratayotgan yangilik va yangi ishlanmalarning afzalliklari haqida ma’lumot berdi. Misol uchun, O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot institutida keyingi yillarda ko‘plab loyihalar amalga oshirildi. Xususan, pillani bug‘lashni chuqur tadqiq etish choralari ko‘rilmoqda. Bu ipakchilik korxonalarini yangi, yuqori unumdor avtomatlar bilan ta’minlashda qo‘l keladi. Shuningdek, krep gazlamalarning yangi turlari yaratilmoqda. 

Ipakchilik yo‘nalishidagi korxonalarga yangi texnika va texnologiyalar taklif qilish borasida Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti ham peshqadamlardan. Ilmiy jamoada 20 dan ortiq istiqbolli tut navlari, yana shuncha ipak qurti zot va duragaylari yaratilgan. Shuningdek, ipak qurti urug‘i tayyorlash, boqish, pillaga dastlabki ishlov berish, tut nihollarini yetishtirish bo‘yicha texnologik kartalar ishlab chiqildi. Ipak qurti boqishning markazlashtirilgan intensiv texnologiyasi yaratildi. 

Seminarda mahsulotlarimiz raqobatbardosh va jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun ishlab chiqarish va ilm-fan o‘rtasida innovatsion klasterni shakllantirish zarurligi, “fan – ta’lim – ishlab chiqarish” shaklida olimlarning innovatsion salohiyatini ko‘tarish va undan oqilona foydalanish uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratish zarurligi qayd etildi. 

Amaliy uchrashuvda ipakchilik sanoatining dolzarb ilmiy yo‘nalishlari, tabiiy ipakdan tibbiyotda, kosmetologiyada, maishiy ehtiyojlarda foydalaniladigan mahsulotlarning yangi turlarini olish usullarini hamda texnologiyalarini yaratish, faol moddalar yordamida pillani chuvishga tayyorlash, shifon, krepjorjet, krepdeshinning yangi turlarini olishda ipakdan xomashyo tayyorlash texnologiyalarini takomillashtirish kabi masalalarda fikr-mulohazalar bildirildi. 

 

 

Manba: uza.uz