NATIONAL CENTER FOR EDUCATION AND
INNOVATION IN AGRICULTURE
CITIZENS  APPEALS

Fuqarolarning murojaati


Andijon viloyatida dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha iqtisodiy zona tashkil etiladi

  • 19.05.2018

Andijon viloyatida dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha iqtisodiy zona tashkil etiladi

Prezidentimiz Asaka tumanidagi “Sabo hamkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida 2018-2019 yillarda Andijon viloyatida agrar sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. 

Davlatimiz rahbariga Andijon viloyatida chorvachilikni rivojlantirishga oid loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Joriy yilda mazkur yo‘nalishdagi 40 loyiha amalga oshirilishi natijasida 32 ming tonnadan ziyod sut, 400 tonnadan ortiq go‘sht yetishtiriladi. Tarmoqda jami 649 ish o‘rni yaratiladi. 

O‘tgan yili viloyatga tashrifi davomida Prezidentimiz O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutining Andijon filialini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Hozirgi kunda filialda 9 ilmiy xodim faoliyat yuritmoqda. Ular viloyatda davlat o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha qator istiqbolli loyihalar ishlab chiqdi. Rejaga binoan, 2016 yilda o‘rmon xo‘jaligi yerlarida atigi 8 gektarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilgan bo‘lsa, joriy va kelasi yilda bu ko‘rsatkich 830 gektarga yetkaziladi. Adir va tog‘oldi hududlarida pista, yong‘oq, no‘xot, loviya yetishtirilib, ko‘plab doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi. 
 
3ffe83ba-4687-d73f-8a9c-18e353d825a1.jpg 

Davlatimiz rahbari O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutining Andijon filialida innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha fond tuzish, viloyatda dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha iqtisodiy zona tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi. 

- O‘rmon xo‘jaligida innovatsiya qilmasak, daromad olish qiyin,-dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shuning uchun Andijon viloyati o‘rmon xo‘jaligida innovatsiyalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 3 yilga mo‘ljallangan maxsus qaror qabul qilish maqsadga muvofiqdir. 

Prezidentimizga viloyatda baliqchilikni rivojlantirishga oid loyihalar haqida ma’lumot berildi. Joriy yilda 11 tumanda 300 gektar maydonda yangi hovuzlar barpo etilib, baliq yetishtirish hajmi 450 tonnaga oshiriladi. Bundan tashqari, tomorqalarda hamda 1050 gektar sholi maydonida Xitoy va Vyetnam texnologiyalari asosida baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. 

Shu yerda sermahsul baliq turlari va baliq ozuqasi mahsulotlari namoyish etildi. Baliq yetishtirishni klaster usulida tashkil etish, ozuqa ta’minotini yaxshilash, qayta ishlash hisobiga xalqimiz dasturxoniga yanada ko‘proq baliq mahsulotlari yetkazib berish zarurligi ta’kidlandi. 

Oltinko‘l tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashni tashkil etish viloyatda meva-sabzavot eksporti hajmini oshirish va geografiyasini kengaytirish imkonini beradi. 

Viloyatda parranda, yong‘oq yetishtirish, to‘qimachilik klasterini tashkil etish, ip yigiruv va to‘quv mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, aholi daromad manbaini yanada oshirishda muhim omil bo‘ladi. 

Prezidentimiz loyihalarning iqtisodiy samaradorligiga alohida e’tibor qaratdi. Ularni bajarish muddatlarini tezlashtirish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
 

 

Manba: O‘zA